DONISHMANDCHAXON

DONISHMANDCHAXON — Chig’atoy ulusi hukmdorlaridan biri. Chingizxonning uchinchi farzandi O’qtoyxonnmng oltinchi pushti hisoblanadi. Amir Qazag’on (hukmronlik yillari 1346-58) Qozon Sultonxonni qatl (1346) etib, Donishmandchaxonni xon deb e’lon qiladi va uning nomi bilan tanga zarb ettiradi. Donishmandchaxon Movarounnahr xoni sanalsada, aslida davlat ishlarini Qazag’onning o’zi boshqargan. Ulug’bekning ta’kidlashicha, Donishmandchaxon Chig’atoyxon avlodidan bo’lmaganligi bois Amir Qazag’on tomonidan o’ldirilgan (1348). Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, Donishmandchaxonning o’g’li Suyurg’atmishni xonlik shohsupasiga (1370-88) ko’targan. Ad.: Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, Movarounnahr voqealari, 1360— 1370, T., 1994; Mirzo Ulug’bek, to’rt ulus tarixi, T., 1994; Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992.