DONIYOR QO’G’IRCHOQBOZ
DONIYOR QO’G’IRCHOQBOZ (asli Shahsuvorov Doniyor, 1876-1962, Buxoro) — xalq qo’g’irchoq teatri ustasi. Tomoshani o’zbek va tojik tillarida ko’rsatgan. Bobosi Abdulla, otasi Shahsuvor san’atkor bo’lganlar. Doniyor qo’g’irchoqboz surnay chalishni otasidan va Ashir qora mehtardan o’rgangan. Qo’g’irchoq o’ynatishni esa mashhur qo’g’irchoqboz Zarif miskarga shogird tushib o’zlashtirgan (ham «chodir Jamol», ham «chodir xayol» teatrini o’rgangan). Zarif miskar boshchiligida Buxoroning labi hovuzida, amirning shahardan tashqaridagi bog’ida ham tomoshalar ko’rsatgan. Doniyor qo’g’irchoqboz 1910 yilda o’z to’pini tuzgan va Ko’rhoji, Kenja Jumayev kabi qo’g’irchoqbozlar bilan ishlagan. Asosan «chodir Jamol» qo’g’irchoq teatrini rivojlantirgan. «Oftobxon va Moxtobxon» nomli yangi komediya yaratgan.