DREYSSENALAR

DREYSSENALAR (Dreissenidae) — ikki pallali mollyuskalar oilasi. Chig’anog’i yashil yoki qo’ng’ir tusli bir xil yoki har xil pallalardan iborat; oldingi uchki qismi ingichkalashgan, keyingi qismi kengaygan; qulfi tishsiz. Oyog’idagi bissus iplari yordamida suv tubidagi narsalarga to’da bo’lib yopishib oladi. Ayrim jinsli, tuxumlari suvda urug’lanadi. Lichinkasi Veliger planktonda erkin hayot kechiradi; keyinroq suv tubiga cho’kadi va sho’rlangan suvlarda tarqalgan. Atlantika okeanining tropik qismi sohillarida, Yevropa, kichik Osiyo, Qora dengiz, Kaspiy va Orol dengizining sohillari yaqinida tarqalgan. Orol dengizida Daryo Dreyssenalar (Dreissena polumorpha) va Kaspiy Dreyssenalar (Dreyssenalar kaspia) suvning uncha chuqur bo’lmagan, qirg’oqqa yaqin joylarida uchraydi. Daryo Dreyssenalar juda tez ko’payadi. Ularning soni 1 metr kvadrat suv tubida 10000 gacha, biomassasi 7 kilogrammgacha yetadi. 7 — 8 yil yashaydi. Dreyssenalar — faol filtrlovchilar; muallaq zarrachalarni cho’ktirib, suvning biologik tozalanishiga imkon beradi. Yosh Dreyssenalar baliqlar uchun oziq. Ayrim suv havzalarida Dreyssenalar tez ko’payib ketishi tufayli suv o’tkazadigan quvurlarga tiqilib qolib, ularni ishdan chiqaradi. Dreyssenalarga qarshi kurashda gidrotexnik qurilmalarda katodli va ultratovush himoya vositalari qo’llaniladi.