DRUZA

DRUZA (nemischa Druse) — kristallar guruhidan iborat minerallar shakli, bunda kristallar bir uchi bilan umumiy asosga (ochilib qolgan yoriq yoki bo’shliq devoriga) taqalib o’sadi. Ularning erkin qolgan ikkinchi uchi tog’jinslari bo’shliqlariga yo’nalgan, yuzasi yaxshi qirralangan bo’ladi. Kvars, ametist (safsar), kaltsit, gips, antimonit minerallari ko’pincha Druza hosil qiladi. Druzalarning taroqsimon va cho’tkasimon xillari ma’lum.