DUNAYEVSKIY ISAAK OSIPOVICH

DUNAYEVSKIY ISAAK OSIPOVICH [ 1900.18(30). 1, Loxvisa, hozirgi Poltava viloyati — 1955.25.7, Moskva] — kompozitor, dirijyor, Rossiya xalq artisti (1950). Zamonaviy rus operetta hamda musiqali kinokomediya asoschilaridan, qo’shiq janrining yirik ustasi. 12 ta operetta, 3 balet, kantatalar, dramatik spektakllarga musiqalar yozgan. Ayniqsa, «Quvnoq yigit-qizlar», «Darvozabon», «Tsirk», «Kapitan Grant bolalari», «Boy kelin», «Volga-Volga», «Kuban kazaklari» kabi filmlar uchun yaratgan, simfonizm bilan yo’g’rilgan musiqalari va qo’shiqlari ommaviylashgan. Ijodiy uslubi kuychanlik va xatto garmoniyalari ohangdorligi, xilma-xilligi, jaz ritmlaridan unumli foydalanilganligi bilan ajralib turadi. Ommabop qo’shiq janrining yangi turlarini kashf etgan: qo’shiq — marsh («Sport marshi», «Entuziastlar marshi», «Quvnoq shamol haqida qo’shiq» va boshqalar), qo’shiq — vals («Maktab valsi», «Vals kechasi») va boshqalar. Dunayevskiyga bag’ishlangan «Dunayevskiy ohanglari» nomli film ishlangan (1963). O’g’li Maksim Dunayevskiy (1945, Moskva) — otasi an’analari davomchisi, «Emelyaning baxti» (1975), «Kapitan Grant bolalari» (1987) kabi myuzikllar, 30 dan ortiq filmlar («Xayr, Meri Poppinz», «Uch mushketyor» va boshqalar) ga esda qolarli musiqalar yaratgan.