DVORJAK (DVORAK) ANTONIN
DVORJAK (DVORAK) ANTONIN (1841.8.9, Praga yaqinidagi Nelagozeves qishlog’i — 1904.1.5, Praga) — Chex kompozitori, milliy kompozitorlik maktabi asoschilaridan. Chexiya fan va san’at akademiyasining a’zosi (1890), Praga konservatoriyasining professor (1891) va direktori (1901 yildan). Nyu-Yorkdagi milliy konservatoriya direktori (1892-95). Dvorjak merosida 10 opera (1870-1903), 9 simfoniya (1865— 93), simfonik poemalar, bir nechta kamer va xor asarlari mavjud. Vokalsimfonik ijodida «Avliyo Lyudmila» oratoriyasi (1886), «Madhiya» kantatasi (1873) alohida o’rin tutadi. «Yangi dunyodan» nomli 9-simfoniyasi (1893) da Dvorjak Yevropa simfonizm» an’analarini yangi — Chex va Amerika xalqlari kuy va usullari bilan boyitdi. Dvorjak ijodi Chex mumtoz kompozitorlik ijodiyotining eng yuqori cho’qqisidir. Yorqin milliy ruh bilan sug’orilgan, xilma-xil kuy va ritmlarga boy Dvorjak musiqasi o’zining hayotbaxshligi, romantik jo’shqinligi bilan ajralib turadi.