DYUSSELDORF

DYUSSELDORF — Germaniyadagi shahar, Dyussel daryosining Reyn daryosiga quyilish yerida joylashgan. Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerining ma’muriy markazi, mamlakatning yirik iqtisodiy markazlaridan. Aholisi 568,4 ming kishi (1998). Dyusseldorf tarixiy manbalarda 12-asrdan, shahar sifatida 1288 yildan tilga olingan. Transport yo’llarining muhim tuguni. Daryo porti, xalqaro aeroport bor. Rurning iqtisodiy-moliyaviy markazi. Po’lat eritish va prokat ishlab chiqarish, umumiy va transport mashinasozligi, stanoksozlik, elektrotexnika, qora metallurgiya va kon sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish, kimyo, oyna, yog’ochsozlik, to’qimachilik sanoati korxonalari bor. Dyusseldorfda Germaniyadagi asosiy banklarning bo’limlari, ko’pgina kontsernlarning boshqaruv organlari joylashgan. Universitet (1965), tibbiyot akademiyasi, Badiiy akademiya, ma’muriy xo’jalik akademiyasi, qora metallurgiya instituti, badiiy, iqtisod va Gyote muzeylari, konservatoriya, opera teatri bor. Dyusseldorf — mashhur nemis shoiri Geynening vatani. Shaharda o’rta asrlarga oid me’moriy yodgorlik ko’p.