EDUARD
EDUARD — ingliz qirollari nomi: Eduard I (1239.17.6 1307.7.7) 1272 yildan qirol. Plantagenetlar sulolasidan. Otasi qirol Genrix III vafotidan so’ng taxtga chiqqan. Eduard 1 davrida parlamentni muntazam chaqirib turish amaliyoti joriy qilingan, bu Angliyada tabaqaviy-vakillik monarxiyasi shakllanayotganidan darak bergan. Eduard 1 davrida Uels zo’rlik bilan Angliyaga qo’shib olingan (1284). Eduard 1 ning Shotlandiyani bosib olish uchun qilgan harakatlari (1286 yildan boshlab) shotland xalqining qattiq qarshiligiga duch kelgan. Eduard 1 Shotlandiyaga navbatdagi yurishi chog’ida vafot etgan. Eduard III (1312.13.11-1377.21.6) — 1327 yildan qirol. Plantagenetlar sulolasidan. Dastlabki yillarda barcha hokimiyat beva qirolicha Izabella va uning jazmani Mortimer qo’lida bo’lgan. 1330 yildan mustaqil hukmron. 1337 yil Frantsiyaga urush e’lon qilgan. Eduard IV (1442.28.1-483.9.4) 1461— 83 yillarda qirol (1470 yil oktyabr — 1471 yil apreldan tashqari). Yorklar sulolasining 1-vakili. Qizil va oq gullar urushi jarayonida Genrix VI Lankasterni taxtdan ag’darib hokimiyatni egallab olgan. Qirolligining dastlabki davrida davlat ishlarida graf Uorvikning roli katta bo’lgan. Biroq Eduard IV ning mulkdor zodagonlar mavqeini pasaytirishga bo’lgan harakati natijasida Uorvik va boshqalar Lankasterlar tomoniga o’tib ketgan. 1470 yil oktyabrda Eduard IV taxtdan tushirilgan. 1471 yil aprelda Barnet va may oyida Tyuksberi yonida Lankasterlar qo’shinini yengib taxtni qayta egallagan. Eduard IV siyosatida, asosan, o’rta dvoryanlarga tayangan. yirik mulkdorlarning yerlarini musodara qilgan. Ingliz sanoati (asosan. jun to’qish va savdo) ni qo’llab-quvvatlash siyosatini yurgizgan. Eduard VI (1537.12.10-1553.6.7) — 1547 yildan qirol. Tyudorlar sulolasidan. Genrix VIII va uning 3-xotini Jeyn Seymurning o’g’li. Taxtga 9 yoshida o’tirgan. Bolaligi tufayli davlat ishlariga mutlaqo aralashmagan, asosan, ilohiyot va qadimiy tillarni o’rganish bilan shug’ullangan. Davlatni boshqarish protektorlar (vasiylar) — Eduard VI ning tog’asi gersog Somerset, so’ngra (1549 yildan) — graf Uorvik qo’lida bo’lgan. Eduard VII (1841.9.11-1910.5.5) 1901— 10 yillarda qirol. Onasi qirolicha Viktoriya vafotidan so’ng taxtga o’tirgan. Antantani tuzishda faol qatnashgan. Ichki siyosatda sezilarli rol o’ynamagan. Eduard VIII (1894.16.7-1972.28.5) 1936 yil 20 yanvar — 11 dekabrda qirol. Otasi qirol Georg V vafotidan keyin taxtga chiqqan. Bir necha oydan so’ng taxtdan voz kechgan. Eduard VIII ning taxtdan voz kechishi bilan bog’liq «saroy krizisi» Buyuk Britaniya hukmdor doiralari orasidagi ziddiyatlarni aks ettirgan. 1936 yil 12 dekabrda Vindzor gersogi unvonini olgan. 1940-45 yillarda Bagama orollari general-gubernatori. Hayotining so’nggi davrini Frantsiyada o’tkazgan.