EFEMERLAR

EFEMERLAR (Yunoncha — bir kunlik) — cho’l, chala cho’l va adirlarda o’sadigan bir yillik o’simliklar. Vegetasiya davri qisqa. Asosan, bahor va kuzda, tuproq nam vaqtlarida o’sadi. Tipik, ya’ni bahorgi Efemerlar va kuzgi Efemerlarga ajratiladi. O’rta Osiyoning cho’l, ayniqsa, adirlarida ko’p uchraydi. Qish iliq kelgan yillari Efemerlar juda tez rivojlanadi. Erta bahorning sernam, iliq kunlari boshlangach, Efemerlar tez rivojlanib, bir necha haftada gullab, urug’lari pishib etilgach quriydi. Efemerlar orasida yaltirbosh, taroqbosh, arpaxon, no’xatak, sariq yo’ng’ichqa kabi ozuqabop; jag’jag’ kabi dorivor, uchma kabi zaharli turlari bor.