EFIOPIYA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI
EFIOPIYA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI — quruqlik zoogeografiya oblastlaridan biri. Afrikaning Sahroi Kabirdan Janubdagi qismi, Arabiston yarim oroli janubi, Madagaskar, Maskaren, kamar, Seyshel va boshqalar bir qancha orollarni o’z ichiga oladi. Efiopiya zoogeografiya oblasti maydonining asosiy qismi savannadan iborat; tropik o’rmonlar, butazorlar, cho’l hamda tog’o’simliklari ham ko’p uchraydi. Sut emizuvchilar va qushlardan naytishlilar, sichqonqushlar, tuyaqushlar turkumlari, tillakrotlar, qunduzsimon yerqazarlar, tenreklar, tikandumli ko’rshapalaklar, uzunoyoqlilar, Jiraflar, begemotlar, tsesarkalar, mirzaqushlar, kitboshlar, oqqo’tonlar, bananxo’rlar va boshqalar oilalar endemik hisoblanadi. Efiopiya zoogeografiya oblastida hammasi bo’lib sut emizuvchilarning 38 oilasiga mansub turlar uchraydi; ulardan 6 oila: odamsimon maymunlar, lemurlar, bug’uchalar, karkidonlar, fillar, Pangolinlar Efiopiya va Hindmalay zoogeografiya oblasti uchun umumiy. Efiopiya zoogeografiya oblastiga, ayniqsa, antilopalar, har xil to’ng’izlar (ayniqsa, so’galli cho’chqa) xos; krotlar, bug’ular, ayiqlar uchramaydi. Efiopiya zoogeografiya oblastida qushlarning 89 oilasi uchraydi; ulardan 12 oila, jumladan, tropik va ekvatorial o’rmonlarda tarqalgan drongolar, asal ko’rsatuvchilar, pittalar, karkidonqushlar Hindmalay zoogeografiya oblastida ham uchraydi. Chumchuqsimonlar turkumidan Efiopiya zoogeografiya oblasti uchun to’qimachilar va nektarxo’rlar xos. To’tiqushlar kam uchraydi. Sudralib yuruvchilardan kaltakesaklar — xameleonlar, agamalar, gekkonlar, echkemarlar ko’p va xilmaxil; kobralar, qora ilonlar, pitonlar, yonboshbo’yin toshbaqalar, timsohlar Efiopiya zoogeografiya oblasti uchun xos. Suvda va quruqlikda yashovchilardan qurbaqalar, pixli baqalar, haqiqiy baqalar, chegravalar, baliqlardan chuchuk suv havzalarida karpsimonlar keng tarqalgan; protopterus, ko’psuzgichlilar va uzuntumshuqlilar shu zoogeografiya oblasti uchun xos. Hasharotlardan termitlar ko’p uchraydi; ularning konussimon inlarida savannalar yashaydi. Moviy kapalaklar va chigirtkalar ham keng tarqalgan. Efiopiya zoogeografiya oblasti G’arbiy Afrika, Sharqiy Afrika, kap va Madagaskar kichik zoogeografiya oblastlariga bo’linadi.