EGA

EGA — gapning bosh bo’laklaridan biri; gapni tashkil etishda muhim rol o’ynaydi. Ega fikrning kimga, nimaga qarashli ekanligini anglatadi, shu jihatdan kesim bilan o’zaro yaqin bog’langan. Ega, odatda, kesim orqali, kesim esa Ega orqali, bir-biriga nisbat berish bilan belgilanadi. Grammatik jihatdan Ega boshqa bo’laklarga nisbatan hokim vaziyatni egallaydi (ba’zi ilmiy adabiyotlarda mutlaq hokim sifatida gapning kesimi ko’rsatiladi). Ega vazifasida kelgan so’z egalik va ko’plik qo’shimchalarini qabul qila oladi va bosh kelishlik shaklida qo’llanadi. U ko’pincha ot, olmosh, otlashgan so’z va so’z birikmasi bilan ifodalanadi. Ega, asosan, kesimdan avval keladi; bunday so’z tartibi Eganing grammatik belgilaridan biridir. Ba’zan kesimdan keyin ishlatilishi ham mumkin; bu hodisa inversiya deyiladi. Ega ba’zan birgina so’zdan, ba’zan esa bir necha so’zdan, ya’ni sintaktik birlikdan iborat bo’ladi. Masalan: Tinchlik urushni yengadi. Ishlagan tishlar, ishlamagan kishnar (maqol). Otlarning otxonaga olib o’tilmagani Ziyodillani taajjublantirdi (H. G’ulom). Ega gapda har doim biror so’z yoki so’zlar birikmasi bilan ifodalanishi shart emas. Ba’zi gaplarda Ega tushib qolishi, yashirin bo’lishi mumkin. Eganing gapda qo’llanishi yoki qo’llanmasligi gapning mantiqiy mundarijasi, Grammatik shakli va nutq uslubi bilan bevosita bog’liq. Ne’mat Mahkamov.