EGILISH

EGILISH — tashqi kuchlar ta’sirida yoki temperatura o’zgarishi tufayli materiallar yoki buyumlar (balka, to’sin, xari, qobiq va boshqalar) ning o’qi yoki o’rta sirti egrilanishi; deformasiya turi. Materiallar qarshiligi fani nuqgai nazaridan binokorliqda to’sin va plitalar, mashinasozlikda val va shesternya tishlari, temir yo’l vagonlarining o’qlari ham balka deb qaraladi. Balkalar tashqi kuchlar ta’sirida egiladi. Agar tashqi quchlar balkaning simmetriya tekisliklari bo’yicha ta’sir etsa, oddiy yoki tekis Egilish deb, kuchlar boshqa tekisliklar bo’yicha yo’nalsa, murakkab Egilish deb ataladi. Balka egilganida cho’ziluvchi qatlam tolalari o’zgarishsiz qoladi. Binobarin, neytral qatlamdan pastda cho’zilish, yuqorida siqilish kuchlanishlari vujudga keladi; neytral qatlamning o’zida quchlanishlar nolga teng bo’ladi. Rasmdan ko’rinib turibdiki, normal kuchlanishlar o ning qiymati neytral o’qda nolga teng bo’lib, undan uzoqlashgan sari orta boradi. Demak normal kuchlanishlarning eng katta qiymatlari balka ko’ndalang kesimining neytral o’qdan eng uzoqda joylashgan tolalarida hosil bo’ladi. Qo’shtavr shaklidagi kesimlar shu sababdan kelib chiqqan. Murakkab Egilishning xususiy holi hisoblangan qiyshiq Egilish ham mavjud. Egiladigan element (masalan, balka) ning ko’ndalang kesimidagi ta’sir etuvchi kuchlarga qarab, sof (faqat eguvchi momentlar bo’lganda) va ko’ndalang (ko’ndalang kuchlar ham bo’lganda) Egilishlar farqlanadi. Muhandislik hisoblarida bo’ylamako’ndalang Egilishlar ham hisobga olinadi.