EKLEKTIZM
EKLEKTIZM, eklektika (Yunoncha — tanlovchi) — turli xil, hatto bir-biriga qarama-qarshi qarash, g’oya, nazariyalarning «eng yaxshisi»ni tanlab olishga intilish. Dastlab so’nggi yunon falsafasida paydo bo’lgan. «Eklektizm» terminini aleksandriyalik Potamon (2-asr) qo’llagan va o’z maktabini eklektik maktab deb atagan. Eklektik tafakkur usulida narsa va hodisalarning muhim va muhim bo’lmagan, asosiy va asosiy bo’lmagan xususiyatlari, ular o’rtasidagi bog’lanishlar yuzaki ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi. Narsa va hodisalarga, ularning bog’lanishlariga aniq, muayyan makon va zamonda, muayyan vaziyat va shartsharoitda yondashmaslik, ulardagi asosiy va ikkinchi darajali tomonlarni hisobga olmaslik asosida eklektik tafakkur usuli paydo bo’ladi. Tasviriy san’at va me’morlikda Eklektizm turli-tuman, o’zaro nomuvofiq badiiy unsurlarni birlashtirishdir. Odatda, yirik badiiy yo’nalishlarning inqirozi davriga xos. Eklektizm xususiyatlari, jumladan, qadimiy Rim san’atining so’nggi davri (Yunoniston, Misr, Old Osiyo va boshqalar san’atida o’zlashtirilgan shakllar qo’shilishi)da ko’zga tashlanadi. Uyg’onish davrining buyuk namoyandalari ijodining eng yaxshi tomonlarini qo’shib mukammallikka erishish mumkin deb hisoblagan Bolonya maktabi vakillari ham Eklektizmga moyil bo’lgan. Eklektizm turli uslublarning shakllarini to’g’ridan-to’g’ri qo’llagan 19-asr 2-yarmi me’morligi (ayniqsa, intererlarni bezash) uchun ham xos bo’lgan, biroq uning me’moriy va bezak Eklektizmi o’zining keng ko’lami, mohiyati e’tibori bilan yaxlit bir «modern» uslubini shakllanishiga muhim ta’sir ko’rsatdi. 20-asr o’rtalaridan Eklektizm an’analari G’arbiy Yevropa va Amerika badiiy madaniyatida keng tarqaldi.