EKOSISTEMA
EKOSISTEMA (Yunoncha uy, yashash joyi va sistema), ekologik sistema — birgalikda yashaydigan organizmlar va ular yashaydigan sharoit majmui. Ela uning tarkibiy qismlari o’zaro qonuniy bog’langan. «Ekosistema» terminini ingliz botanigi A. Tensli taklif etgan (1935). A. Tensli ta’biricha, ekologiya nuqtai nazaridan Ekosistema yer yuzidagi tabiiy birlik bo’lib, unga barcha organizmlar bilan bir qatorda fizik omillar majmui, ya’ni biomuhit (keng ma’noda yashash muhiti) omillari majmui ham kiradi. Olim Ekosistemada ular tarkibiga kiruvchi organizmlar hamda organizmlar bilan anorganik muhit o’rtasida har xil tarzda moddalar almashinuvi bo’lib turishini ko’rsatgan. «Ekosistema» tushunchasini har xil murakkablikdagi va o’lchamdagi ob’yektlarga nisbatan qo’llash mumkin. Masalan, hovuz, ko’l Ekosistemasi bilan birga sohil bo’yi o’simliklari yoki suv tubi Ekosistemasini ko’rsatish mumkin. O’rmon ham Ekosistema, uning chegarasida har xil tipdagi tuproqlar, chiriyotgan to’nkalar, to’shalma va boshqalar Ekosistemani ajratish mumkin. Ko’pincha «Ekosistema» tushunchasiga tirik organizmlar bilan ular yashaydigan muhitning notirik komponentlari tarzida qaraladi. Ekosistemaning tirik va notirik komponentlari o’rtasida produsentlar, konsumentlar va redusentlar ishtirokida moddalarning biotik aylanishi sodir bo’lib turadi. Ekosistema terminini sun’iy Ekosistema (qishloq xo’jalik dalalari, bog’lar, xiyobonlar, oqova suvlarni biologik tozalaydigan inshootlar va boshqalar) ga nisbatan ham qo’llash mumkin. Ekosistema o’ziga xos xususiyatlarni uzoq vaqt davomida saqlab turadigan o’ta turg’un yoki qisqa muddatli (masalan, efemer suv havzalari, ko’lmak suvlar) bo’lishi mumkin. Murakkablik darajasidan qat’i nazar Ekosistema turlar tarkibi, unga kiradigan organizmlar soni, biomassasi, ayrim trofik guruhlar nisbati, organik moddalarning hosil bo’lishi va parchalanish jarayonlarining tezligi bilan tavsiflanadi. Ekosistema chegarasi va ularda kechadigan moddalar aylanishi jarayonlari turli darajada ro’y beradi. Ekosistema atrof muhitdan faqat energiya emas, balki ko’p yoki oz miqdorda moddalar kelib turgandagina mavjud bo’ladi. Barcha Ekosistema birgalikda yer biosferasini tashkil etadi. 20-asr o’rtalariga kelib ekologik muammolarning keskinlashuvi natijasida Ekosistemaning funktsional xususiyatlarini o’rganish bo’yicha tadqiqotlar keng miqyosda olib borila boshlandi. Ekosistema strukturasi, mahsuddorligi va turg’unligini tushunib olish uchun ulardagi trofik bog’lanishni o’rganish muhim ahamiyatga ega. Trofik bog’lanishlar orqali Ekosistemada moddalarning biologik transformasiyasi amalga oshadi. Zamonaviy metodlar, xususan, Ekosistemani matematik modellashtirish orqali bu jarayonlar intensivligi va samaradorligini miqdoriy jihatdan aniqlash tabiiy resurslardan samarali foydalanish va odam yashaydigan muhitni saqlab qolish masalalarini hal etishda muhim ahamiyatga ega. Ko’p hollarda biogeosenoz termini ham Ekosistema termini sinonimi sifatida ishlatiladi. Ad.: Ergashev A., Umumiy ekologiya, T., 2003; To’xtaev A., Ekologiya, T., 2000; Ekologicheskie sistemi, Per.s. ang., M., 1981.