EKSPERIMENTAL PSIXOLOGIYA
EKSPERIMENTAL PSIXOLOGIYA — psixik hodisalar va jarayonlarni ilmiy metodlar yordami bilan tadqiq qilish. Psixologiyaning fan sifatida falsafadan ajralib chiqishida eksperimental tadqiqotlar o’tkazish asosiy rol o’ynagan. 19-asrning o’rtalarida ilk bor sezgi, idrok yuzasidan tadqiqotlar olib borilgan. Eksperimental psixologiyaning fan sifatida ajralib chiqishiga nemis olimi V. Vundt katta hissa qo’shgan. Ilk eksperimental tadqiqotlar o’zini o’zi kuzatish uslubi yordami bilan shaxsning ichki mayllari, motivlari, fikr yuritishiga bag’ishlangan. Keyinchalik tekshirishlar turli hayvonlarda o’tkazila boshlagan. Ko’p tadqiqotlarni AQShlik T. L. Morgan, E. L. Torndayk va boshqalar olib borganlar. Eksperimental psixologiya murakkab tadqiqot (ko’p shkalali, ko’p bosqichli) metodlari, metodikalari (ishonchliligi, kafolatliligi, test yoki RETEST xususiyatiga egaligi) dan tashqari elektron hisoblagichlar, texnik asboblar va moslamalar, sodda yoki murakkab tuzilgan maxsus apparatlar, zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslanadi. Eksperimental psixologiya yordamida psixik funktsiyalargina emas, shu bilan birga shaxs hissiyoti, emosiyasi, individual xususiyati, diqqat, xotira, idrok singari bilish jarayonlari ham tadqiq qilinadi. Eksperimental psixologiya tadqiqotlari natijalari psixologiya sohalari nazariyasini ishlab chiqishda asos bo’lib xizmat qiladi. Olimlardan F. Galton (1822-1911), D. Kettel (1860- 1944), E. Tolmen (1886-1959), G.Rorshax (1884-1984), A. Bine (1857-1911), P.Jane (1859-1947), J. Piaje (1896-1980) va boshqalar Eksperimental psixologiyaning rivojlanishiga muhim ulush qo’shganlar. Ergash G’oziyev.