EKSPROMT
EKSPROMT (lotincha — tayyor, tez) — 1) maxsus tayyorgarliksiz, hozirjavoblik bilan yaratilgan asar, improvizasiya. Doston, terma, she’r, askiya, so’z o’yini, lapar, yoryor, qo’shiq va boshqalar ko’rinishlarda bo’lishi mumkin. 18-asrda Frantsiyada, 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Rossiyada (N.Karamzin, A. Pushkin, M. Lermontov va boshqalar ijodida) keng tarqalgan. V. Mayakovskiy, M. Svetlov, G’.G’ulom, shuningdek, o’zbek baxshilari, askiyachilari uchun xarakterli; 2) musiqada — badihago’ylik tarzida (asosan, fortepiano uchun) yaratilgan cholg’u pyesa. Mustaqil janr sifatida 19-asr boshida romantik kompozitorlar ijodida yuzaga kelgan (Ya. Vorjishek, G. Marshner). F. Shubert, F. Shopen, F. List Ekspromtning mumtoz namunalarini yaratishgan. Ekspromt turli (Sonata, murakkab 3 qismli, variatsiya va boshqalar) shaklda bo’lishi mumkin.