EKSTREMIZM

EKSTREMIZM (lot. extremus – o’ta, keskin) — muayyan jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarni inkor etish va ularga zid bo’lgan g’oyalarni zo’rlab targ’ib qilish. Siyosatda va mafkurada ashaddiy, favqulodda harakat va qarashlarga asoslanib faoliyat yuritish, keskin qarashlar va vositalarga moyillik. Ekstremizmning siyosiy va diniy ko’rinishlari yaqqol ajralib turadi. Siyosiy Ekstremizm namoyandalari o’zlarining g’arazli maqsadiga erishish uchun kuch ishlatish usullaridan foydalanib, mavjud siyosiy tuzilmalarning barqaror faoliyat yuritishini buzish va yo’qotishga harakat qiladi. Bu yo’lda ekstremistlar va ekstremistik tashkilotlar «demokratiya» niqobi ostida balandparvoz shiorlar, chaqiriqlar bilan chiqib, terrorchilik va partizanlik harakatlarini qo’llab-quvvatlaydilar, qonunga rioya etmaslik, ish tashlashlar, tartibsizliklar chiqarishga urinadilar, odamlarni gij-gijlaydilar, terror qilish usulidan foydalanadilar. Ekstremistik tashkilotlarning rahbarlari har qanday murosa va kelishuvni rad etadilar. O’ziga tobelarni o’z buyruq va ko’rsatmalarini ko’r-ko’rona bajarishga majbur etadilar. Siyosiy Ekstremizmning millatchilik ko’rinishi turli millat va etnik guruhlar huquqini inkor etishda namoyon bo’ladi. Millatchi ekstremistlar faoliyati separatizm bilan bog’liq bo’lib, ko’p millatli davlatlarni yo’qotish, tub millat hukmronligini o’rnatishga qaratiladi. Bunday Ekstremizm millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi va xalqlar o’rtasida mojarolar chiqishiga olib keladi. Diniy ekstremizm, avvalo, boshqa konfessiyalarga, ularning vakillariga nisbatan toqatsiz bo’ladi. Diniy tashkilotlardan dunyoviy davlatga qarshi kurashda foydalanadi. Ekstremizmning turli ko’rinishlari so’nggi vaqtlarda dunyoning ko’p mamlakatlarida, xususan, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasida ham o’zini namoyon eta boshladi. Turli diniy ekstremistik tashkilotlar (―Hizbut-tahrir, ―Tavba) yangidan mustaqillikni qo’lga kiritgan dunyoviy davlatlarga tahdid solmoqda. Ular vaqtinchalik qiyinchiliklarni ro’kach qilib, aholini, ayniqsa, yoshlar ongini aqidaparastlik g’oyalari bilan zaharlamoqda. Farzandlarni yo’ldan urishga, o’z ota-onasiga, aka-ukasiga, o’zi tug’ilib o’sgan maskaniga, davlatiga qarshi qo’yishga harakat qilmoqda. Bugungi kunda Ekstremizmga qarshi kurash o’ta dolzarb vazifa hisoblanadi.