ELAK

ELAK — sochiluvchan mahsulotlar va materiallar (un, guruch, oxak, tsement, qum va boshqalar) ni metall to’r orqali o’tkazib, har xil mayda-yiriklikdagi zarralarga ajratish (elash) uchun mo’ljallangan qurilma. Ro’zg’or, qurilish va sanoatda ishlatiladi. Ro’zg’orda ishlatiladigan Elak, asosan, dumaloq gardishli, mayda va yirik ko’zli bo’ladi. Mayda ko’zlisida un, yirik ko’zlisida (bunday Elak g’alvir deb ham ataladi) guruch va boshqalar yirikroq don-dunlar, qum, tsement va boshqalar elanadi. Qurilish va sanoatda mexanik Elak ishlatiladi, uning yassi (titrama, tebranma) va barabansimon (aylanuvchi) turlari bor. Bular un, qum, tsement va boshqalarni elashda, konchilikda foydali qazilmalarni boyitishda (rudalarni elashda), yem va yorma tayyorlash zavodlarida, oziq-ovqat sanoati va boshqalar tarmoqlarda ishlatiladi.