ELCHI
ELCHI — 1) bir davlatning boshqa bir davlatdagi elchixonasiga rahbarlik qiluvchi diplomatik vakil. Tarixiy manbalarda bir davlat hukumati tomonidan ikkinchi davlat hukumatiga diplomatik vazifa bilan yuboriladigan doimiy yoki muvaqqat vakil Elchigina emas, balki Yalavoch, yalafar, Rasul atamalari bilan ham ifodalangan. Muxtor vakil hisoblanmish Elchi zimmasiga diplomatik aloqalar o’rnatish, davlatlar yoxud dushman tomonlar o’rtasida tinchlik o’rnatish, hamkorlikdagi harakatlarga oid bitimlar tuzish, davlat boshlig’i yoki hukmdor sulola a’zolarining vafoti munosabati bilan ta’ziyalar bildirish, biron bir shodiyona bois muborakbodlar qilish kabi mas’uliyatlar yuklatilgan. Oltin O’rda xonligida Elchining bosh vazifalari sirasiga hukumat xazinasiga tobe yurtlardan yig’ilgan o’lponni o’z muddatida etkazish ham kirgan. 11-asr yozma obidasi «Qutadg’u bilig»da Elchi etib tayinlanadigan shaxsning bir qator talablarga javob berishi ta’kiddangan. Xususan, uning bilimli, zakovatli, sadoqatli, ko’zi to’q, bosiq, uyatandishali, keng qamrovli, zehnli, dono, ziyrak, ichimlik ichmaydigan, ko’rkli, mard, shirin so’zli bo’lishi talab etilgan. «Elchi» atamasi ilk bor uyuq daryosi vodiysidan topilgan qadimiy turkiy Enasoy runik bitikida qayd etilgan bo’lsa, «Yalavoch» atamasi birinchi marta Oltinko’l yaqinidan topilgan Enasoy yodnomasida ko’zga tashlanadi. Mazkur qadimiy turkiy bitigda 711 yilning avgust—sentabrda Tibetga Turk xoqonligidan kelgan diplomatik vakilning tashrifi xususida gap boradi. Chingiziylar davrida Elchilar darajasiga qarab oltin, kumush, cho’yan, jez va yog’och payza bilan ta’minlangan. Elchi o’z vataniga qaytishdan oldin diplomatik vakolati tugayotgan davlat boshlig’idan maxsus yorliq — ijozat qog’ozi olishi lozim hisoblangan. Elchining o’ldirilishi yoki hibs qilinishi aksariyat diplomatik munosabatlarning keskinlashuviga, ba’zan uzilishiga olib kelgan. Jumladan, O’trorda mo’g’ul Elchilarining Xorazmshoh tomonidan qatl qilinishi Movarounnahrning Chingizxon boshliq istilochilar tomonidan zabt etilishini tezlashtirdi. Amir Temur va Temuriylar davrida Sharq bilan G’arb o’rtasida savdo-sotiq va Elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga g’oyat katta e’tibor berilgan. Amir Temur Yevropaning Frantsiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik qirolliklari bilan bevosita savdo va Elchilik aloqalari o’rnatgan. Tashqi savdoni kengaytirishda temuriylarning turli mamlakatlar (Xitoy, Tibet va Hindiston va boshqalar) bilan olib borgan Elchilik aloqalari muhim ahamiyatga ega bo’lgan; 2) oliy diplomatiya darajasi — favqulodda va Muxtor elchi.