ELDEGIZIYLAR

ELDEGIZIYLAR — Ozarbayjon va shimoliy Iroqda hukmronlik qilgan sulola (1136-1225). Asoschisi — Shamsiddin Eldegiz (1136-74). Shamsiddinning kelib chikishi G’ulom (qul)lardan bo’lib, keyinchalik saljuqiylardan Arslonshohning Otabegi bo’lgan. 1136 yildan mustaqil hokimlik qila boshlagan. U parchalanib ketayotgan Saljuqiylar davlatining boshqa hududlari hokimlari bilan kurash asnosida Ozarbayjonning Janub va shimolning bir qismini hamda Eronning shimoliy g’arbiy qismini o’z hukmronligi ostiga birlashtirgan. Uning o’g’li Muhammad Jahon Pahlavon davrida (1174-86) davlatning poytaxti Hamadon shahri bo’lgan. Ozarbayjonni uning ukasi qizil Arslon boshqarib, u Saljuqiylar, Gruziya va Shirvon bilan muvaffaqiyatli kurash olib borgan. Mamlakat ichkarisida u o’z vakolatlarini oshirishni talab qilib chiqayotgan viloyat hokimlari bilan kurashib mana shu kurash jarayonida halok bo’lgan (1191). Eldegiziylar davlati mo’g’ullar istilosi davrida (1220-22) qattiq larzaga kelgan, so’ngra Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdning zarbalari ostida barham topgan (1225). Ad.: Al i Zade A.A., Sosialnoekonomicheskaya i politicheskaya istoriya Azerbaydjana XІІІ-XIV vv., Baku, 1956.