ELEKTROFOTOGRAFIYA

ELEKTROFOTOGRAFIYA — yorug’lik sezgir elektrofotografik materiallar (EFM) da, ya’ni yorug’lik ta’sirida elektr o’tkazuvchanligini o’zgartiradigan fotoyarimo’tkazgich (FYAO’) qatlam (o’tkazgich asosiga surkaladigan) da fotografik tasvir hosil qilish jarayoni. Tasvir hosil qilishdan oldin FYAO’qatlamnni ionlar bilan zaryadlab, uning sezgirligi oshiriladi. Keyin EFM ekspozisiyalanadi (ma’lum muddat yoritiladi), natijada FYAO’ning yoritilgan joylaridan asosga zaryadning bir qismi «oqib» o’tadi, yoritilganlik qanchalik yuqori bo’lsa, zaryad shunchalik ko’p oqib o’tadi. Natijada FYAO’sirtida ob’ektning berk fotografik tasviri (Bft) hosil bo’ladi. So’ngra bft ko’rinadigan tasvirga aylantiriladi (vizuallashtiriladi). Bft ni vizuallashtirishning bir necha usuli bor. Vizuallashtirish uchun quruq kukundan foydalaniladi (kserografiya). Zaryad ishorasini va kukun rangini o’zgartirib, ham pozitiv, ham negativ oqqora yoki rangli tasvir hosil qilish mumkin. EFM sifatida fotoelementlardan ham foydalaniladi. Elektrofotografiyani matn va grafik materiallarni kam nusxada ko’paytirishda — reprografiyasa keng qo’llash mumkin. Elektrofotografiya dan texnikaning ko’p sohalarida, masalan, rentgenografiya, elektronografiya, neytronografiya, spektroskopiya va boshqalarda foydalaniladi.