ELEKTROLIZ
ELEKTROLIZ (elektro… va …Liz) qizdirib suyuqlantirilgan elektrolit yoki uning suvdagi eritmasi orqali o’zgarmas elektr toki o’tganida elektrodlarda sodir bo’ladigan oksidlanishqaytarilish jarayonlari. Elektrolizning mohiyati kimyoviy reaktsiyani elektr energiyasi hisobiga amalga oshirishdan iborat. Elektr toki berilganda ionlarning elektron qabul qilish yoki elektron berish hodisasi birlamchi jarayonni tashkil qiladi. Bu jarayon natijasida ko’pincha Elektrolizning dastlabki mahsulotlari hosil bo’ladi. Elektroliz mahsulotlari sof holda ajralib chiqishi yoki erituvchi bilan o’zaro kimyoviy reaktsiyaga kirishishi mumkin. Ikkinchi holda Elektrolizning ikkilamchi mahsulotlari hosil bo’ladi. Qizdirib suyuqlantirilgan elektrolitlar Elektroliz qilinganida faqat birlamchi mahsulotlar chiqadi. Elektrolitlarning suvdagi eritmalarida Elektroliz ancha murakkab boradi, chunki ko’pincha ikkilamchi jarayonlar sodir bo’ladi. Umuman Elektroliz jarayonining borishi va Elektroliz oxirida qanday mahsulotlar hosil bo’lishi birlamchi mahsulotlar, erituvchi tabiati, elektrodlarning qanday materialdan yasalgani, temperatura, elektrodlardagi tokning zichligi va hokazolarga bog’liq. Katod, ya’ni doimiy tok manbaining manfiy qutbiga ulangan elektrod qaytaruvchilik rolini bajaradi, anod esa (ya’ni manbaning musbat qutbiga ulangan elektrod) oksidlovchi sifatida xizmat qiladi. Elektrodlarda ajralib chiqadigan moddalarning massalari, tok kuchi va Elektroliz davom etadigan vaqg orasida matematik tenglamalar bilan ifodalanadigan bog’lanishlar mavjud. Elektroliz sanoatning turli sohalarida keng qo’llanadi. Kimyo sanoatida xlor va ishqorlar olishda, xlorat, perxlorat, persulfat kislota, kaliy permanganat, sof holdagi vodorod, ftor va boshqalar qimmatli mahsulotlar hosil qilishda, rangli metallurgiyada metallarni rafinatsiyalaning Elektrolizdan foydalaniladi. Turli metallarning birikmalarini qizdirib suyuqlantirib, Elektroliz yordamida o’sha metallar ajratib olinadi. Mashinasozlik, radiotexnika, elektronika, poligrafiya sanoatlarida turli buyumlar sirtini metallar bilan qoplashda va boshqalarda Elektroliz qo’llanadi.