ELEKTRON HUKUMAT
ELEKTRON HUKUMAT (ing. electronic government – elektron davlat boshqaruvi) — mamlakat miqyosida boshqaruv jarayonlarini majmuaviy ravishda avtomatlashtirishga asoslangan davlat boshqaruvi tizimi. Elektron hukumat bu fuqarolar, biznes, davlat hokimiyati boshqa tarmoqlari va davlat amaldorlariga axborot taqdim etish hamda avvaldan shakllangan davlat xizmatlarini ko’rsatish bo’lib, bunda davlat va fuqaro o’rtasidagi shaxsiy aloqa minimallashtirilgan bo’ladi va axborot texnologiyalaridan maksimal darajada foydalaniladi. Dunyoning taraqqiy topgan mamlakatlarida «Elektron hukumat» milliy tizimini faol tatbiq qilinmoqda. Bu tizim davlat tuzilmalarini boshqarishni, davlat va tadbirkorlar o’rtasidagi aloqani mustahkamlash orqali biznes – jarayonlarni samarali rivojlantirishni ta‘minlabgina qolmay, fuqarolarga davlat xizmatlarini internet orqali hammabop interaktiv shaklda taqdim etish imkonini ham yaratadi. 2015-yil 9-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi tomonidan ― Elektron hukumat to‘g‘risida‖gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunga ko‘ra Elektron hukumat – bu davlat organlarining jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash yo‘li bilan davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir faoliyatini, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta‘minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi.