ELEKTRONLAR DIFRAKTSIYASI

ELEKTRONLAR DIFRAKTSIYASI — elektronlarning kristallarda yoki suyuqlik va gaz molekulalarida elastik sochilishi. Bunda elektronlarning birlamchi dastasidan ma’lum burchaklarga og’dirilgan qo’shimcha dastalar hosil bo’ladi. Bunday dastalarning boshlang’ich yo’nalishdan og’ish burchaklari va intensivligi sochuvchi moddaning strukturasiga bog’liq. Amerikalik fiziklar K.Devisson va L. Jermer kristall plastinkada sochilayotgan elektronlarning difraktsiyalanishini tajribada kuzatib kashf etdilar (1927); bu bilan Lui debroylning zarralarning to’lqin xossalari haqidagi gipotezasi eksperimental tasdiqlandi. Elektronlar difraktsiyasi elementar zarralar, xususan, elektronlar oqimi ham yorug’lik kabi to’lqin tabiatga ega ekanligini isbotlaydi. Elektronlar difraktsiyasi (elektronogramma) jism tuzilishini o’rganishda qulay usul hisoblanadi. Plastinkaning yupqa sirt qatlamida ro’y beradigan oksidlanish, kristallanish, toblanish jarayonlari, polimerlarning tuzilishi va boshqalar shu usul bilan aniqlanadi. Neytronlar difraktsiyasi yordamida qattiq jismlarning qristall tuzilishi to’g’risida ma’lumotlar olish, jismlarning magnit xususiyatlarini o’rganish mumkin. Monoxromatik neytronlar olishda, neytronlar spektrografiyasida va jism tuzilishini o’rganishda neytronlar difraktsiyasi tatbiq qilinadi.