ELEMENTAR GEOMETRIYA

ELEMENTAR GEOMETRIYA — geometriyaning aylana, nuqta, kesma, to’g’ri chiziq, burchak, tekislik, ellips, tsilindr kabi figuralarning xususiyatlari hamda ulardan tashkil topgan sodda figuralarning o’zaro vaziyati, tengligi masalalari bilan shug’ullanadigan bo’limi. Unda teoremalarni isbotlash va xulosa chiqarish yo’li esa ma’lum mulohazalarga suyanish, aksiomalarga va oldingi isbotlarga asoslanish, yordamchi geom. yasashlarni bajarishdan iborat. Elementar geometriya asoslari Yunonistonda vujudga kelgan, Evklidning «Negizlar» asarida uning yuzakiroq bayoni berilgan. Elementar geometriyada har gal «o’zining» konkret geom. xossasi ko’rsatilgan (masalan, ellips, tsilindr kabi) figuralar o’rganiladi, bunday tayin figuralarga doir uzunlik, yuza, hajm, o’zaro vaziyat masalalari qaraladi, lekin ularga doir umumiy tushunchalar Elementar geometriya chegarasidan chiqadi. Elementar geometriyada limit tushunchasi ham konkret hollarda qo’llanadi (masalan, aylana uzunligi), bu tushuncha umumiy holda oliy matematika fanida ishlatiladi. Elementar geometriya analitik geometriya, po’lchovli Evklid fazosi, Lobachevskiy geometriyasi va Riman geometriyasining ba’zi bir masalalarini ham o’z ichiga oladi.