ENDOKRINOLOGIYA

ENDOKRINOLOGIYA (Endo… va Yunoncha kppet — ajratish va …logiya) — klinik tibbiyotning bir sohasi. Ichki sekresiya bezlarining tuzilishi, rivojlanishi va funktsiyalarini, ular ishlab chiqaradigan gormonlar hamda ularga aloqador kasalliklarni o’rganadi. Endokrinologiya fan sifatida 19-asrning 2-yarmidan shakllandi. Nemis fiziologi A.Bertold xo’rozlarning urug’donini olib bichilgan yoki yosh xo’rozlarga o’tkazgan, bunda urug’don o’tkazilgan xo’rozda turli fiziologik va morfologik o’zgarishlar yuz bergan. Bu Endokrinologiya sohasidagi ilk tajriba edi (1849). Dastlab ichki sekresiya bezlari degan tushuncha nemis fiziologi va tabiat tadqiqotchisi D.Myuller tomonidan ilgari surildi (1830), lekin uni termin sifatida fanga frantsuz fiziologi K. Bernar kiritdi (1855). Shu davrlarda irlandiyalik R. Greyvs (1835) va nemis olimi K. Bazedov (1840) diffuz toksik buqoqni, ingliz vrachi T.Adisson (1855) surunkali buyrak usti bezi yetishmovchiligi klinikasini izohlashdi. Shvesariyalik xirurg Teodor Koxer (1841 — 1917) diffuz toksik buqoqni davolashda xirurgik usulni ishlab chiqdi. 1889— 90 yillarda nemis olimlari D.Mering va O.Minkovskiy tajribada qandli diabet me’da osti bezi faoliyatining buzilishi, rus olimi L.V.Sobolev (1901) me’da osti bezining ichki sekretsiya faoliyati pankreatik orolchalar (Langergans orolchalari) bilan bog’liq ekanligini aniqlashdi. Bu keyinchalik kanadalik tadqiqotchilar F.Banting va Ch.Bestni me’da osti bezidan insulin gormonini ajratib olishiga ilmiy asos bo’ldi (1921). 20-asrning boshlariga kelib, Endokrinologiya fan sifatida rivojlandi. Ko’pgina gormonlar: adrenalin (1901), tiroksin (1915), progesteron, testosteron (1934), kortikosteroidlar (1937-52), triyodtironin (1950), oksitosin va vazopressin (1953) toza holda ajratib olindi; gormonlarning kimyoviy tuzilishini aniqlash, ularni sintez qilishga, keyinchalik esa ularning har xil tabiiy gormonlardan bir necha bor yuqori biologik faol analoglarini ishlab chiqishga asos bo’ldi. O’zbekistonda bu fanning rivojlanishi aholi o’rtasida keng tarqalgan buqoq kasalligini tekshirish, uning kelib chiqishida yod etishmasligini aniqlashdan boshlandi. 30-yillardan boshlab O’zbekistonning har bir viloyatida endemik buqoq kasalligi turli guruh va ekspeditsiyalar yordamida o’rganildi (S.A.Ma’sumov, P.I.Fedorova, Yo. X. To’raqulov, Sh.Sh.Ilyosov, V.N.Fedoseev, T. M.Muhamedov va boshqalar). Bu kasallikning oldini olish uchun 1954 yil Toshkentda buqoqqa qarshi dispanser tashkil qilinib, unda qalqonsimon bez kasalliklari ustida olib borilgan epidemiologik va profilaktik ishlar asosida aholini kaliy yodid tuzi qo’shilgan osh tuzi bilan ta’minlash zarurligi aniqlandi. Endemik buqoqni tugatish va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklarini o’rganish, davolash o’lkamiz uchun muhim ilmii va ijtimoii muammo bo’lganligi 1957 yil O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibida tashkil etilgan o’lka tibbiyoti ilmiy tekshirish institutining asosiy yo’nalishini belgiladi. O’lka tibbiyoti ilmiy tekshirish instituti negizida 1989 yil Endokrinologiya instituti tashkil etildi. R.Q.Islombekov, Yo.X.To’raqulov dunyoda birinchi bo’lib buqoq kasalligini aniqlash va davolashning yangi usulini ishlab chiqib, nufuzli mukofotga sazovor bo’lishdi (1964). Qalqonsimon bezning normal, tireoid patologiyada hamda radioyodterapiyada olingan biokimyoviy, patofiziologik va klinik morfologik ko’rsatkichlari natijalari ijobiy samara berdi. Respublikada 1998 yil yod yetishmovchiligi holatlari bo’yicha keng miqyosda epidemiologik izlanishlar olib borildi va uning o’rtacha tarqalish darajasi aniqlandi. Ichki sekretsiya bezlarini (qalqonsimon bez, qalqonsimon bez oldi bezlari va buyrak usti bezi) suyuq azotda kriokonservasiya qilish va uning etishmovchiligi bor bemorlarni transplantasiya yo’li bilan davolash usuli ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. O’rta Osiyo davlatlarida birinchi bor kriokonservasiya qilingan to’qimalar banki (1000 ga yaqin to’qimalarni saqlaydigan) tashkil etildi. Qalqonsimon bez rakini biokimyoviy, genetik va morfologik tekshirishning yangi usullari joriy qilinib, jarrohlik, radiologik va konservativ terapiya usullarini qo’llash algoritmi ishlab chiqildi (prof. S.I.Ismoilov). Diffuz toksik buqoq va o’rtacha o’tkir tireoiditda bemorlarning immunologic tizimi o’rganildi va bu ko’rsatkichlar davolashning turli usullarida o’zgarishi va dinamikasi aniqlandi. Qandli diabet va uning asoratlarining epidemiologiyasi, etiopatogenezi asosida nasliy omillarning ahamiyati, kasallikning tarqalishiga moyillik tug’diradigan ichki va tashqi omillar har tomonlama tadqiq etilib, ularni chegaralash, bemorlarni o’z holatini nazorat qilishga o’rgatish usullari ishlab chiqildi (prof. Z.S.Akbarov). Zamonaviy Endokrinologiyaning dolzarb muammolari va asosiy yo’nalishlari qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, jinsiy bezlar faoliyatining buzilishi, gipotalamogipofizar tizim kasalliklari, birlamchi giperparatireoz muammosi, organizmda gormonlarning ta’sir mexanizmi, biosintezi va ularning almashinuvini o’rganish, gormonlar analoglari va yangi gormonal preparatlarni ishlab chiqish va hokazolardan iborat. Jismoniy rivojlanishning kechikishi bolalar Endokrinologiyasining eng muhim muammolaridan biri bo’lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda O’zbekistonda tug’ma anomaliyalar skriningi bo’yicha maxsus dastur yo’lga qo’yilgan. Neyroendokrinologiya Endokrinologiyaning mustaqil bo’limi sifatila shakllanmoqda. O’zbekiston Respublikasidagi barcha tibbiyot intlari, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida Endokrinologiya kafedralari bor. Ad.: To’raqulov Yo.X., Islombekov R. Q., Qodiro v I . K ., Buqoqvauni davolash, T, 1962; Islombekov R.Q., Radioaktivnmy yod i funktsiya shitovidnoy jelezn, T, 1971. Said Ismoilov.