EPIGONLIK

EPIGONLIK (Yunoncha— keyin tug’ilgan) — badiiy adabiyot va san’atda yangilikka intilmaslik, an’ana shaklida paydo bo’lgan yo’nalish, uslub, janr hamda usullarni ko’r-ko’rona takrorlash, ko’chirmachilik. Epigonlik san’at va adabiyot namunalarini oldingi mazmunmohiyat va estetik jozibadan ayirib, adabiyotni tinimsiz o’sish-o’zgarish imkoniyatidan mahrum qiladi. Bor badiiy an’analarni rivojlantirishga urinmaslik, ularga o’zgarishlar kiritishga intilmaslik, o’z yo’lidan yurishga botinmaslik orqali ijodni qolipga solish, nusxakashlik Epigonlikning asosiy belgilaridir. Adabiy Epigonlik u yoki bu adabiy qarash, maktab yoxud yo’nalish badiiy ijodga turtki berolmay, uning rivojiga to’siq bo’la boshlaganida kuchayadi. Badiiy didlar almashayotgan, estetik qarashlar yangilanayotgan davrda Epigonlik, ayniqsa, avj oladi. Epigonlik ichki va tashqi singari 2 ko’rinishda bo’ladi. Tashqi Epigonlik biror adabiyotda mavjud hodisalardan nusxa olish, ko’chirish bo’lsa, ichki Epigonlik bir muallifning o’zini o’zi takrorlay boshlashidir. Badiiy adabiyotni ommaviylashtirish, uni hammabop qilishga urinish yo’lidagi harakatlar Epigonlikning yoyilishiga sabab bo’ladi. Epigonlik birov qilgan badiiy kashfiyotni o’zlashtirib olganligi bilangina emas, balki o’quvchilar estetik didini o’tmaslashtirgani, ularda shaxslik xususiyatlarini yo’qotib, «ommalik» belgilarini ko’paytirgani bilan ham millat taraqqiyoti uchun xavflidir. Qozoqboy Yo’ldoshev.