EREBUNI
EREBUNI — Urartu davlatining shimolda podsho Argishti Menua o’g’li tomonidan qurilgan qal’a (miloddan avvalgi 782 yil). Erebuni xarobalari Yerevan shahrining shimol chekkasidagi Arinberd tepaligida aniqlangan. Muntazam qazishma ishlari 1950 yildan boshlangan. Miloddan avvalgi 8-asrda qal’a Urartu podsholarining shimolga yurishlari chog’idagi yirik harbiy-ma’muriy markazi va qarorgohi bo’lgan. Qazishmalar natijasida qalin mudofaa devori, saroy, 2 ibodatxona va xo’jalik xonalari chiqqan. Devor toshlarida va ustunlarning tagkursilarida Argishti va uning o’g’li Sardurining qurilishga doir 20 ga yaqin bitiklari aniqpangan. Saroy va ibodatxonalardan birida ajoyib naqshinkor Friz(piramon)lar, ma’budlar tasviri, ov manzarasi va soliq yig’ish tasvirlari topilgan. Miloddan avvalgi 7-asrda qal’a o’z ahamiyatini yo’qotgan, uning xazinasidagi boyliklar yangi markaz — Teyshebainiga ko’chirilgan. Erebunidagi bunyodkorlik ishlari faqat podsho Rusa davrida (miloddan avvalgi 6-asr boshi) qayta boshlangan. Urartu davlati qulab, Teyshebaini vayron etilgach (miloddan avvalgi taxminan 585 yil), Erebunida hayot davom etgan. Axomaniylar davrida yangi inshootlar qurilgan. Miloddan avvalgi 5-4-asrlarga oid Milet tangalari, shuningdek, mahalliy hokimga tegishli ajoyib kumush ritonlar topilgan. Erebuni nomi Armaniston poytaxti — Yerevan shahri nomida saqlangan. 1968 yil Yerevanning 2750 yillik yubileyi munosabati bilan Arinberdda keng ko’lamda ta’mirlash ishlari olib borilgan. Fatxulla Ergashev.