ERITRAZMA
ERITRAZMA (Yunoncha — qizartiraman) — terining zamburug’ kasalligi. Asosan, kattalarda, ko’proq erkaklarda uchraydi. Kasallikka ko’p terlash, havoning juda issiq va nam bo’lishi, shaxsiy gigiena va terini to’g’ri parvarish qilish qoidalarining buzilishi sabab bo’lishi mumkin. Badanning ko’p terlaydigan joylari — sonning ichki tomoni (yorg’oqqa tegib turadigan qismi) da, qo’ltiqda, semiz ayollarning ko’krak bezlari ostidagi va kindik atrofidagi teri burmalarida qo’ng’irqizil rangda, har xil kattalikda, cheti qipiqlanib bir oz ko’tarilib turadigan dog’lar paydo bo’ladi, ba’zan bu dog’lar oyoq panjasi orasida ham kuzatiladi. Dog’lar atrofidagi sog’teridan rangi va aniq chegarasi bilan ajralib guradi. Ular asta-sekin kattalashadi va bir-biriga qo’shilib, terining xiylagina joyini egallab oladi, bora-bora ko’kimtir qo’ng’ir tusga kiradi. Kasallangan soha qichishadi, usti doim namlanib turadi, ba’zan qo’lansa hid keladi, teri bir oz dag’allashadi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab vrach ko’rsatmasiga binoan olib boriladi. Davolanmasa, yillab davom etishi mumkin. Eritmalar, ayniqsa, bahor va yoz paytlarida qo’ziydi. Eritmalar yuqmaydi. Kasallikning oldini olish shaxsiy gigienaga rioya qilish, ko’p terlamaslik, ich kiyimlarni tez-tez almashtirib turishdan iborat.