ERKIN KURASH

ERKIN KURASH — sport turi, ikki kishi (sportchi)ning belgilangan qoidalar asosida g’oliblik uchun olishuvi. Erkin kurash musobaqalari diametri 9 m (yoki o’lchami 12×12 m) sport maydonida o’tkaziladi. Erkaklar 55, 60, 66, 74, 85, 97 va 120 kilogramm, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78 va 78 kilogramm dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar. Musobaqalashish vaqti 2 minutdan 3 davra, davralar orasidagi tanaffus 30 sekunddan. Erkin kurashda siltab tortish, qayirib va aylantirib tashlashga, oyoq qismidan ushlab usullar bajarishga ruxsat etiladi. Bajarilgan usullar 5 (sof g’alaba), 4 (texnik ustunlik yoki chetlatish), 3, 1 ochko bilan baholanadi. G’olib to’plagan ochkolariga ko’ra aniqlanadi. Agar qurashchilardan biri 5 ochkoga mos usul bajarsa, 1, 2-davrada ketmaket g’olib deb topilsa, raqibidan 6 ochko farq bilan o’zib ketsa, shuningdek, hakamlar, murabbiylar va shifokorlar qaroriga ko’ra ham olishuv muddatidan oldin to’xtatiladi. Qadimdan ko’plab xalqlarning milliy kurash turlarida hozirgi Erkin kurashda qo’llaniladigan usullar bo’lgan. Yunonistonda o’tkazilgan Olimpiada o’yinlari dasturiga miloddan avvalgi 708 yildan boshlab Erkin kurashga o’xshash kurash musobaqasi kiritilgan. Erkin kurashning zamonaviy qoidalari 19-asrning 2-yarmida Buyuk Britaniyada ishlab chiqilgan. 1894 yilda AQShning SentLuis shahrida ilk yirik musobaqa tashkil qilingan. Erkin kurash musobaqalari 1904 yildan zamonaviy Olimpiada o’yinlari dasturidan o’rin olgan. Erkin kurash va yunonrum kurashi turlarini rivojlantirish maqsadida 1912 yilda xalqaro havaskor qurashchilar assotsiasiyasi (G’na) tuzilgan, unga 154 davlat (O’zbekiston 1992 yildan) a’zo (2004). Erkin kurash bo’yicha 1951 yildan erkaklar, 1995 yildan ayollar o’rtasida jahon chempionatlari o’tkazib kelinadi. O’zbekistonda Erkin kurash 20-asrning 50-yillaridan ommalasha boshladi. 1956 yildan erkaklar, 2003 yildan ayollar o’rtasida O’zbekiston chempionatlari o’tkazilayapti. 20-asrning 90-yillaridan «Mustaqillik kubogi» Granpri musobaqasi, yoshlar o’rtasida jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarning tashkil etilayotgani mamlakatda Erkin kurashning rivojlanishiga zamin yaratdi. Kursat Ablaev, Georgiy Vanyuxin, Aleksandr Gorelik, Qo’ldosh Asraqulov, Obid Nazirov, Rahmonberdi Ahmedov, Salim Abduvaliev, Ma’mur Ro’ziev kabi murabbiylar rahbarligida Leonid Shipilev, Arsen Fadzaev, Maxarbek Xadarsev, Ruslan Xinchagov, Ramil Ataulin, Adham Ochilov, Dilshod Mansurov, Magomed Ibragimov, Artur Taymazov singari Erkin kurashchilar Olimpiada va Osiyo o’yinlarida, jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa nufuzli musobaqalarda g’olib chiqishgan. Konstantin Mixaylov, Ravil Biktyakov, Tohir G’ulomov kabi o’zbekistonlik hakamlar xalqaro Erkin kurash musobaqalarini boshqarishadi. Respublikadagi 715 ta sport maktabi va to’garakda 286 murabbiy qo’l ostida 8780 kishi Erkin kurash bilan shug’ullanadi. Ulardan 4807 nafari sport darajasi va unvoniga ega (2004). Ad.: Galkovskiy A., Kerimov F., Volnaya borba, T., 1987; Kerimov F., Sport kurashi nazariyasi va usuliyati, T., 2001.