ERNAZAR ELCHI

ERNAZAR ELCHI, Mulla Muhammad Ernazarbiy Maqsud o’g’li (18-asr, Buxoro) — Buxoro amirligining Rossiyaga yuborgan elchilari rahbari; yirik savdogar. Madrasada o’qigan. 1745 yildan boshlab, Rossiyaga bir necha marta tijorat maqsadida borib, imperator Yelizaveta Petrovna qabulida bo’lgan. Savdo ishlari bilan Xuroson va Hindistonga ham borgan. Keyinchalik Buxoro hukmdori Doniyolbiy otaliq tomonidan Rossiyaga yuborilgan 2 ta elchilik missiyasi (1774-76 va 1779-80) ga boshchilik qilgan. Birinchi elchilik tarkibida 64 kishi va 20 ta ozod qilingan rus asirlari bo’lgan. Ular 1774 yil 1 sentyabrda Ashtarxon (Astraxon) shahriga kelishgan va Astraxon general-gubernatori P.Krechetnikov huzurida bo’lishgan. So’ngra Moskvaga yetib kelishgach (1775.14.3), Rossiya imperatori Yekaterina II tomonidan rasmiy ravishda qabul qilingan (1775.5.4). Bu elchilik natijasida Buxoro bilan Rossiya o’rtasida mustahkam savdo aloqalari yo’lga qo’yilgan, savdo karvonlari xavfsizligi uchun Emba daryosi bo’yida qal’a qurilgan. Rossiyaning chegara shaharlari: Orenburg, Astraxonda Buxoro savdogarlaridan olinadigan bojxona solig’i kamaytirilgan, ichki shaharlarda O’rta Osiyo savdogarlarining erkin harakat qilishi kafolatlangan. Ikkinchi elchilik 1779 yil o’rtalarida boshlangan, elchilik tarkibida 28 kishi bo’lgan. Ernazar elchi boshchiligida elchilar 1780 yil yanvarda Moskva va Peterburgga yetib kelishgan. Elchilik natijasida buxorolik savdogarlar Rossiyadan ko’p miqdorda mis, po’lat va cho’yan sotib olishga muvaffaq bo’lganlar. Ernazar elchi Rossiyada o’z vazifasini to’liq uddalagach, Turkiyaga ham elchilik maqsadida borgan. Ernazar elchi o’sha yerda vafot etgan. Ernazar elchi Buxoroda madrasa qurdirgan. Ad.: Gulamov X.G., Iz istorii diplomaticheskix otnosheniy Rossii s buxarskim xanstvom XVIII v., T., 1992. Qahramon Rajabov.