EROT
EROT, Eros — yunon mifologiyasidagi sevgi xudosi. Gesiodning «Teogoniya» asarida aytilishicha, Erot xaosdan; qadimiy miflarga ko’ra, Germes va Artemidadan yoki Ares va Afroditadan dunyoga kelgan. Odamlar va xudolarning yuragiga kamondan oltin o’qlar otib ularda sevgi uyg’otgan. Erot qanotli go’zal yigitcha yoki qanotchalari bor, kamon ko’tarib yurgan sho’x bola qiyofasida tasvirlangan. Ko’chma ma’noda Erot — sevgi. Erotizm, erotika, erotik she’riyat Erotdan olingan. Rim mifologiyasidagi Amurga to’g’ri keladi.