ERSARI

ERSARI — yirik turkman qabilalaridan biri. Ersarining kelib chiqishi haqida ma’lumotlar juda oz. Manbalarga ko’ra, Ersari qabilasi 14-asrda paydo bo’lgan. Rivoyatlarga qaraganda, qabila Ersari boy nomiga qo’yilgan. Abulg’oziy Bahodirxon ma’lumoticha, Ersarilar 16-17-asrlarda Salor qabilasi tarkibida Bolxon tog’lari yaqinida va Uzboyda yashaganlar. 17-asrning 1-yarmida Ersarilarning katta bir qismi Xorazmga kelib o’rnashgan. 17-asrning 70-yillarida Xorazmdagi siyosiy voqealar natijasida Ersarilar bir qancha turkman qabilalari bilan birga Amudaryoning o’rta oqimida hoz. Lebap (Chorjuy) viloyati, Sayot tumanidan boshlab Janubiy Afg’oniston chegarasigacha bo’lgan hududlarga o’rnashganlar. 18-asrning oxiri — 19-asrning boshlarida Ersarilarning bir qismi turkmanlarning sariq va taka qabilalari bilan Murg’ob vohasiga joylashgan. Ersarilar quyidagi yirik va kichik urug’larga bo’lingan: qora (Quraysh, chekich, Gagan, qozon, Mamish, boy, Islom, yaban), Bekovul (sirli, ushakan, Kultoq, lambe, ermi, tog’ochi), uludepe (esonmetli, qoracha, surx, oq teri, qizil oyoq, Etbosh, Chortoq, mesir, qorabag’ish, aji, gaburdi, surxi, Qurama), Gunesh (qorasoqol, Sulaymon, Umar, chokir, ko’zo’lcha, Qurama). 1924 yil ma’lumotlariga qaraganda O’zbekistonda Ersarilar Buxoro, qarshi, Sherobod vohalarida ham yashashgan. Ersarilar turkman xalqi tarkibiga singib ketgan.