ERSHI MUDOFAASI
ERSHI MUDOFAASI — Farg’ona vodiysidagi Ershi shahrini Xitoy bosqinchilaridan mudofaa qilinishi (miloddan avvalgi 104-101 yillar). Xitoy istilochilarining Farg’onaga birinchi yurishi miloddan avvalgi 104 yil boshlangan. Farg’ona yurishida qo’shinga (40-50 ming kishi) bosh qo’mondon qilib Li Guangli tayinlanadi. Bu urushning boshlanishiga Xitoy imperatori udi uchun ot sotib olinmaganligi bahona bo’lgan. Xitoy istilochilari Ershi shahriga yetmasdanoq qo’shinlarining anchasidan ayrilgan. Yo’lda charchagan, och qo’shin O’zgan shahridagi hujumda katta talafot ko’rgan. Li Guangli qolgan kuchlari bilan Dungxuangga qaytib kelgan. Xitoy qo’shinining Farg’onaga 1yurishi 2 yil davom etgan. 1-hujum Xitoy askarlarining mag’lubiyati bilan tamom bo’lgan. Udining farmoniga binoan, zudlik bilan qaytadan urush tayyorgarligi ko’rilib, 60 ming kishilik katta qo’shin 2-marta Ershi shahrini qamal qilgan. Qamal 40 kundan ortiq davom etgan. Farg’onaliklar shaharni mardonavor himoya qilishgan va dushmanga katta talafot keltirishgan. Xitoy qo’shini, o’zlariga eng yaqin hisoblangan usun xonligidan yordam kelmagandan so’ng, Qang’davlati qo’shini Farg’onaga yordamga kelib qolishidan xavotirlanib, farg’onaliklar qo’ygan shart bilan sulh tuzishga majbur bo’lganlar. Ular farg’onaliklardan 3 mingta tulpor ot va och qolgan Xitoy qo’shini uchun g’alla, oziq-ovqat olib Xitoyga qaytganlar. Bu yurish ham 2 yil davom etib, miloddan avvalgi 101 yil tugagan. Bu urushda xitoyliklar katta talafot ko’rganlar, yurishda qatnashgan jangchilarning o’ndan birigina esonomon yurtiga qaytgan. Ad.: Abduxoliq Abdurasul o’g’li, Qadimgi Farg’ona tarixidan, T., 2002.