ERTAKCHI
ERTAKCHI — ertak aytuvchi, hikoyachi. Repertuaridagi ertaklar xarakteri va hikoya qilish uslubiga ko’ra Ertakchilar bir-biridan farq qiladi: ular ijrochi va ijodkor Ertakchilarga bo’linadi. Birinchisi o’zi eshitgan ertakni aynan takrorlaydi. Ikkinchisi — iste’dodli Ertakchi o’zi eshitgan, o’rgangan ertaklarni ijro etmay, ularga yangiliklar kiritadi, ertakka ijodkor sifatida yondashib, an’anani buzmagan holda, ertakka yangi motiv va epizodlar qo’shadi, uning ta’sir kuchini oshiradi; ularni o’z didi, qobiliyati va dunyoqarashi, tinglovchilar saviyasi va talabiga moslab o’zgartiradi. Ertaklarning badiiy asar darajasiga etishi, avloddan avlodga o’tib kelishida professional Ertakchilarning xizmatlari katta bo’lgan. Ertakchilardan Hamrobibi Umarali qizi ko’proq qahramonlik, Hasan Xudoyberdi o’g’li sehrli, Haydar boycha o’g’li hayvonlar haqidagi, Nurali Nurmat o’g’li (Nurali qiziq) maishiy, Rasulov Husanboy sehrlisarguzasht, Shukurov Abdug’ofir mardlik va qahramonlik mazmunidagi ertaklarni ijro etishgan va ularning ijodi xalq orasida keng tarqalgan.