ERTAPISHARLIK

ERTAPISHARLIK, tezpisharlik — o’simliklarning tez o’sishi, tez rivojlanishi va mevalarning erta etilishi xususiyati. O’simliklarda biologik va xo’jalik jihatidan pishish holatiga yetish tezligi bilan belgilanadi. Ertapisharlik muayyan ekinlar turlari va navlari (salat, ismaloq, rediska, chillaki uzum, kuzgi va bahori bug’doy, makkajo’xori, karam, bodring, kartoshka va boshqalarning ayrim navlari)ga xos irsiy belgi hisoblanadi. Ertapisharlik o’simliklarni o’stirish texnologiyasi sharoitlariga ham bog’liq. Fiziologik nuqtai nazardan Ertapisharlik o’simliklar rivojlanishida vegetatsiya fazalarining jadal o’tishi bilan tavsiflanadi. Fotosintezning intensivligi, to’qima va organlarda moddalarning faol harakati va o’zgarishi o’simlikning o’sishi, rivojlanishini tezlashtiradi va mevani erta yetiltiradi. Ertapisharlik iqtisodiy ahamiyatga ega: ertapishar ekin turlari va navlari ekilganda erdan unumli foydalanish, bir yilda bir dalaning o’zidan 2-3 marta hosil olish mumkin.