ERUVCHAN SHISHA
ERUVCHAN SHISHA — natriy yoki kaliy silikatlardan iborat rangsiz, shishasimon modda. Eruvchan shisha olish uchun kvars qumi bilan soda, natriy sulfat yoki potash aralashmasini maxsus pechda suyuqlantiriladi. Shisha massasi soviganda hosil bo’ladigan silikatxarsang suvda xona trasida amaliy jihatdan erimaydi, lekin 120— 170° da (avtoklavda) oson eriydi. Eruvchan shishaning suyuq shisha deb ataladigan bu eritmasi kislotabardosh tsement va issiqbardosh surkamalar komponenti, yelimlovchi modda (silikat elim) sifatida, silikat bo’yoqlar olishda, matolarga shimdirish va boshqalar ishlatiladi.