ESHIK OG’ABOSHI
ESHIK OG’ABOSHI, eshik og’asi — O’rta Osiyo xonliklarida xon saroyidagi bosh xizmatkor, oliy hukmdorning turli qabul marosimlarini o’tkazish ishlariga mutasaddi bo’lgan shaxs. Rossiya hamda G’arbiy Yevropa hukmdorlari saroyida o’tmishda amalda bo’lgan oberseremoniymeyster va kamerger lavozimlariga to’g’ri keladi. Xiva xonligida eshik oqosi deyilgan. Uning vazifasi saroy darvozalarini qo’riqlab turish bo’lgan. Eshik og’aboshida, albatta, bitta oybolta bo’lishi shart edi, chunki oybolta uning mansab alomati bo’lgan. Hukmdor saroyda bo’lgan vaqtda Eshik og’aboshi xonni qo’riqlash bilan shug’ullangan. Eshik og’aboshi arzgo’ylardan nima xususda kelganliklarini surishtirib, ularni saroydagi tegishli amaldorlar tomoniga yo’llar edi. Faqat juda muhim xabarlar bilan kelgan kishilar xonning huzuriga kirgizilar edi. Eshik og’aboshilarning ixtiyorida 46 tadan navkar bo’lgan. Eshik og’aboshi saroydagi ma’lum miqdordagi xizmatchilarga boshliq bo’lgan.