EVOLYUTSION TA’LIMOT

EVOLYUTSION TA’LIMOT, evolyutsiya nazariyasi — tirik organizmlar evolyutsiyasi sabablari, harakatlantiruvchi kuchlari, mexanizmlari va umumiy qonuniyatlari to’g’risidagi fan. Evolyutsion ta’limot biologiyaning nazariy asosi, xususiy biologiya fanlaridan olgan natijalarni umumlashtiradi. Evolyutsion ta’limot rivojlanishining mushohidaga asoslangan 1-davri qadimiy dunyo faylasuflari Geraklit, Empedokl, Demokrit, Lukresiy va boshqalarning ishlari bilan bog’liq. Ular birinchi bo’lib butun borliqning, jumladan, organizmlarning tarixiy o’zgarishi to’g’risida fikr bildirishgan. Bunday qarashlar 17— 19-asrlar boshlarida yashagan transformizm tarafdorlari R.Guk, E.Darvin, D.Didro, J.Byuffon, E.Joffrua SentIler, I.V.Gyote va K.F.Rule ishlarida yanada rivojlantirildi. Transformistlar yagona sistemaga ega bo’lgan ta’limot yarata olmagan bo’lsalarda, Evolyutsion ta’limot o’rganadigan asosiy muammolarni ko’rsatib berishdi. Bu muammolar organizmlar tuzilishi va xilma-xilligi, turlar o’rtasidagi o’xshashlik va tafovutlar, tiriklikning progressiv evolyutsiyasi bilan bir qatorda turli tuzilish darajasiga ega bo’lgan organizmlarning yashab kelayotganligi; ayrim turlar va guruhlarning qirilib ketishi sabablarini aniqlashdan iborat. Bu muammolarning tushunib olinishi va ilm-fanning rivojlanishi Evolyutsion ta’limotning yangi tarixiy davri — evolyutsiyaning dastlabki kontsepsiyalari shakllanishiga zamin tayyorladi. Bu kontsepsiyaning birinchisini J.’.Lamark yaratdi (1809). Keyinchalik lamarkizm deb atalgan kontsepsiyada ham progressiv rivojlanish va moslanuvchanlikka organizmlarning oldindan belgilab berilgan xususiyati sifatida teleologik va metafizik nuqtai nazardan qaraladi. Ch.Darvin yaratgan evolyutsiya nazariyasi (1859) Evolyutsion ta’limot uchun ilmiy zamin bo’ldi. Darvin organizmlar evolyusiyasining harakatlantiruvchi kuchlari — yashash uchun kurash va undan kelib chiqadigan tabiiy tanlanish ekanligini ko’rsatish orqali birinchi bo’lib Evolyutsion ta’limotning asosiy muammolarini ilmiy nuqtai nazardan hal etdi. Darvinizmning paydo bo’lishi bilan bir vaqtda uning dushmanlari — idealistik va teleologik kontsepsiyalar tarafdorlari 20-asrning 2-yarmida lamarkizmning ayrim aqidalarini yana qaytadan tiklashdi. Ammo yangi dalillar to’planishi tufayli darvinizm tobora keng yoyilib, deyarli barcha ilm ahillari tomonidan tan olindi. Evolyutsion ta’limotning Ch.Darvindan keyingi rivojlanishi evolyusiya mexanizmlari va qonuniyatlarini taxlil qilishdan iborat bo’ldi. Zamonaviy nuqtai nazardan mutasiya va tabiiy tanlanish evolyutsiyaning eng asosiy omili hisoblanadi. Bu omillarning birgaliqsagi ta’siri evolyutsiya jarayoni amalga oshirilishining asosiy sharti hisoblanadi. Tabiiy tanlanish bevosita organizmlar fenotipiga ta’sir etadi; natijada ayrim genlar yoki allellar emas, balki muayyan reaktsiya me’yoriga ega bo’lgan bir butun genotiplar tanlanadi. Evolyutsiyaning elementar birligi populyatsiyalar hisoblanadi. Genetik jihatdan evolyutsiya populyatsiya genofondining muayyan yo’nalishda o’zgarishi (mikroevolyutsiya) dan iborat. Tashqi muhit sharoiti o’zgarishi xususiyatiga qarab populyatsiyaga harakatlantiruvchi, turg’unlashtiruvchi yoki dizruptiv tanlanish ta’sir ko’rsatishi mumkin. Tanlanish tur individlar ontogenezining hamma davrida ham ta’sir etishi mumkin; filogenez ontogenozning genetik qatorlaridan iborat. Makroevolyutsiya — turdan yuqori guruhlar ichida kechadigan mikroevolyutsion jarayonlar integrasiyasidan iborat evolyutsion jarayon. Makroevolyutsiyada filogenezning umumiy qonuniyatlari va yo’nalishlari namoyon bo’ladi. Organizmlar muayyan guruhlari evolyutsion o’zgarishlarining yo’nalishlari tabiiy tanlanish bilan bir qatorda muayyan turning tuzilishi (genetik sistemasi, ontogenezi va fenotipi) xususiyatlari bilan bog’liq bo’lgan evolyutsion cheklanish va taqiqlar orqali ham belgilanadi. 20-asrning 30-yillarida shakllangan mikro va makroevolyutsiya to’g’risidagi tasavvurlar evolyutsiyaning sintetik nazariyasi deyiladi. Zamonaviy Evolyutsion ta’limot fan sifatida evolyusion qarashlarning rivojlanishi, har xil yangi evolyutsion farazlar va kontsepsiyalar (jumladan, tabiiy tanlanishni evolyusiyaning bosh omili sifatida tan olmaydigan kontsepsiyalar) ni o’z ichiga oladi. Hozirgi Evolyutsion ta’limot o’z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo’ydi. Bu davrning asosiy vazifasi evolyutsion jarayonlar mexanizmini ochish orqali organizmlarning evolyusion o’zgarishini oldindan aytib berish va ana shu asosda evolyusiya jarayonini boshqarishdan iborat.