EVOLYUTSIYA

EVOLYUTSIYA (lot. evolutio – avj olish, ochilmoq) — rivojlanishning sinonimi; asta-sekinlik bilan boruvchi miqdor o’zgarishlarining muayyan sharoitda yangi sifatga o’tishiga olib keluvchi harakat shakli. Bosqichma-bosqich ro’y beradigan miqdor va sifat o’zgarishlari. Evolyutsiyada rivojlanishning sifatiy asosi keskin o’zgarmaydi, uning boshlanish va yakunlanish bosqichlari orasida muayyan fursat o’tadi. Evolyutsion rivojlanishda portlash hodisasi ro’y bermaydi. Jamiyatda ro’y beruvchi o’zgarishlarning yo’nalishini, tartibini, qonuniyatlarini ifodalab, muayyan tizimdagi o’zgarishlarning doimo o’zidan ilgarigi holatidan farq qilishini ko’rsatib turadi va fanda tarix, tarixiylik, taraqqiyot, rivojlanish, o’sish, ravnaq topish singari tushunchalarning mazmunini ifodalaydi.