EXINOKOKK

EXINOKOKK — tasmasimon chuvalchanglar sinfiga mansub parazit. Voyaga yetgan davrida yirtqich hayvonlar (it, bo’ri, chiyabo’ri, mushuk) ichagida parazitlik qiladi. Uzunligi 3-6 millimetr, gavdasi 4 so’rg’ichli bosh, 3-4 bo’g’imli tanadan iborat. Oxirgi bo’g’imdagi jinsiy organlarida tuxum hujayralar etiladi. Tuxumlari xo’jayini axlati bilan tashqariga chiqariladi. Exinokokk tuxumlari ifloslangan emxashak bilan oraliq xo’jayin (odam va o’txo’r hayvonlar: sigir, qo’y, echki, cho’chqa) ichagiga tushganida ulardan onkosfera lichinkasi chiqadi. Lichinka ichak devoridan qonga o’tadi va darvoza venasi orqali jigar, o’pka, muskullar va suyaklarga borib, pufaksimon bosqich — Exinokokk finnasiga aylanadi. Har bir pufak devorida yana ikkilamchi, so’ngra uchlamchi pufaklar hosil bo’ladi. Pufaklar ichida parazit boshchasi shakllanadi. Pufaklar yiriklasha borib, mushtdek va undan kattaroq bo’ladi. Qoramollar jigaridan 64 kilogramm og’irlikdagi exinokokk finnasi topilgan. Exinokokk pufak davrida exinokokkoz kasalligini paydo qiladi.