EXIURIDLAR

EXIURIDLAR — umurtqasiz hayvonlar tipi (ilgarigi halqali chuvalchanglar sinfi). Filogeneyasi aniq emas. Gavdasi tsilindrsimon, bo’g’imlarga bo’linmagan, uzunligi 3 santimetrdan 185 santimetrgacha. Uzun (1 metrgacha) kipriklar bilan qoplangan xartumi oziqni og’izga surish uchun xizmat qiladi. Og’zi xartumi asosida joylashgan. Tanasining oldingi qorin tomonida bir juft qili bor. Ikkilamchi tana bo’shlig’ida ko’p sirtmoqli ichagi joylashgan. Ichagi anal teshigiga ochiladi. Juft anal xaltasi kiprikli voronka bilan ta’minlangan bo’lib, ayirish va nafas olish funktsiyasini bajaradi. Jinsiy hujayralar 1-4 juft nefromiksiyalar orqali chiqariladi. Qon aylanish sistemasi yaxshi rivojlanmagan. Nerv sistemasi halqum atrofi nerv halqasi va qorin nerv zanjiridan iborat. Ayrim jinsli, lichinkasi — troxofora. Ayrim turlari (bonelliya)da jinsiy dimorfizm rivojlangan. 1 sinfga mansub 150 ga yaqin turi bor. Dengiz tubidagi balchiqqa ko’milib yashaydi.