EXOLOT
EXOLOT (Exo va lot) — gidroakustik signallar (akssado) yordamida suv chuqurligini o’lchash uchun mo’ljallangan navigasiya asbobi. Ishi kemaga o’rnatilgan ultratovush (ut) ni uzatuvchi va qabul qiluvchi qurilma (vibrator) dan uzatilgan tovush signallari suv tubiga borib, qaytib kelguncha o’tgan vaqtni o’lchashga asoslangan. Maxsus elektr generator vibratorga dambadam elektr impulslarini yuborib turadi, vibrator ularni akustik tebranishlar (tovush)ga aylantirib uzatadi. Suv tubidan qaytgan akustik tebranishlarni o’sha vibratorning o’zi qabul qilib, ularni elektr impulslariga o’zgartiradi. Kuchaygan impulslar chuqurlik indikatoriga kelib tushadi. Bu indikator impulslarning borib kelishi uchun ketgan vaqtni aniqlaydi. Bu qiymatni maxsus formulaga qo’yib, suvning chuqurligi topiladi. Exolotlardan suv chuqurligini o’lchashdan tashqari baliq to’dalarini topish, suv osti kemalarining o’rnini aniqlash, tovush tarqatuvchi qatlamlarni tadqiq qilish, suv osti tuprog’ining turini aniqlash va boshqalar gidroakustik o’lchashlar uchun ham foydalaniladi.