FANLAR AKADEMIYASI TIZMASI
FANLAR AKADEMIYASI TIZMASI — G’arbiy Pomirning shimol qismida (Tojikistonda) joylashgan tog’ tizmalaridan biri. Meridian yo’nalishida 60 kilometrga cho’zilgan. Eng baland cho’qqisi 7495 metr (Somoniyon). Tizmada ko’plab cho’qqilar mavjud bo’lib, ulardan 24 tasi 6000 metrdan baland. Suvayirg’ich qismi Alp relef shakliga ega, paleozoy davriga mansub cho’kindi, metamorfik va otqindi tog’jinslaridan tashkil topgan. Yon bag’irlari chuqur va tor vodiylar bilan kesilgan hamda abadiy qor va qurumlar bilan qoplangan. Abadiy qorlardan Pomirning yirik muzliklari (Fedchenko va uning ko’plab irmoqlari — Bivachniy, Garmo, Geografiya jamiyati, kichik Tanimas va boshqalar) to’yinadi. Ular soni 29 dan ortiq muzlik mavjud bo’lib, umumiy maydoni 1500 kilometr kvadratdan ziyod. Fanlar akademiyasi tizmasida baland tog’ glyasial nival va subnival landshaftlar tarqalgan.