FANTAZIYA

FANTAZIYA (musiqada) — badiha uslubidagi janr; muayyan kompozision qoliplarga bog’lanmagan (ko’pincha cholg’u) musiqa asarlaridan iborat. 16— 17-asrlarda improvizasiya namunalari asosida yuzaga kelgan. 18-asrda klavir va organ uchun (ayniqsa, turkumli asarlarda muqaddima ko’rinishida) Fantaziyalar keng rivoj topdi (I.S. va K.F.E. Baxlar, V. A. Mosart va boshqalar). Romantik kompozitorlar Fantaziyaga alohida ahamiyat berib, unda turli (jumladan, turkum va Sonata) shakl va janr xususiyatlarini mujassam etgan (F. Shubert, F. Shopen, R. Shuman). 19-asrdan ko’p Fantaziyalar xalq kuylari yoki biror kompozitor asarlari mavzulariga asoslanadi (F. List, N. Rimskiy Korsakov va boshqalar). Shuningdek, muayyan mavzuli, simfonik Fantaziyalar ham uchraydi (M.Musorgskiy, R. Raxmaninov, P. Chaykovskiy va boshqalar). O’zbekiston kompozitorlaridan S. Yudakov, B. Gienko, S. Karimhoji, A. Latifzoda va boshqa turli Fantaziyalar yaratishgan.