FARD

FARD (Arabcha — yakka, yolg’iz) — yaqin va O’rta Sharq adabiyotidagi poetik janr. Hajmi bir bayt, ya’ni 2 misradan iborat bo’ladi. Muayyan mazmun, g’oya ilgari suriladi, badiiy umumlashma, hayotiy tajribadan kelib chiquvchi hukm, xulosa tajassum topadi. Masalan, Holimni sanga aytib hajr o’tiga o’rgandim, Ey yor, yomon qildim, har neki dedim, yondim (Bobur). Fardda dolzarb, salmoqli falsafiy-axloqiy g’oyalar ifodalanadi. Fardning qisqa va ixchamligi shoirdan «Ming ma’nini bir nuqta bila muxtasar etish»ni (Mashrab) taqozo etadi. Fard janriga xos erkinlik shoirning ijodiy imkoniyatini kengaytiradi, ijodiy erkinligini ta’minlaydi. Hozirgi o’zbek shoirlaridan Abdulla Oripov, Rauf Parfi va boshqalar ijodida Fardlar uchraydi.