FARER TILI

FARER TILI — Skandinaviya tillaridan biri; Island tili bilan birgalikda orollardagi Skandinaviya tillari guruhini tashkil etadi. Asosan, Farer orollarish va Daniyaning boshqa viloyatlarida tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 45 ming kishiga yaqin (o’tgan asr oxirlari). Farer tilining 6 lahjasi bo’lib, ular, asosan, fonetik jihatdan farqlanadi. Farer tili — Norvegiyaning Janubi g’arbidan chiqqan va 9— 10-asrlarda Farer orollarini bosib olgan normannlar tilining davomchisi. German tillarining shimoliy (skandinav) tarmog’iga mansub. Island tili kabi, boshqa Skandinaviya tillaridan morfologiyasining birmuncha qadimiyligi bilan ajralib turadi. Leksikasida dan (dat) tilining kuchli ta’siri seziladi. Farer tili 19-asr boshigacha yozuvga ega bo’lmagan. Yozma til vazifasini dan tili bajargan. 14-17-asrlarda yaratilgan Farer xalq balladalari ilk bor 18-asr oxirlarida yozib olingan. 1846 yilda V.U. Xammershayib Farer tili uchun lotin grafikasi asosida yozuv va imlo qoidalarini ishlab chiqqan. 1906 yildan Farer tili maktablarda o’qitila boshlagan. Adabiy til Torsxavn shahri lahjasi asosida shakllangan.