FARG’ONA NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODI
FARG’ONA NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODI — neftni qayta ishlash sanoati korxonasi. Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi bosh korxona, uning tarkibiga Oltiariq neftni qayta ishlash zavodi, Pop va Angren neft bazalari kiradi. «O’zneftmahsulot» aktsiyadorlik kompaniyasining sho»ba korxonasi (2003). Yuqori oktanli benzin, shu jumladan, aviatexnik kerosin, dizel yonilg’isi, kokos, turli xil motor va dizel moylari (kompressor, turbina, urchuq), parafin, motor moylariga ko’shimchalar, bitum, mazut kabi 56 dan ziyod turli neft mahsulotlari ishlab chikaradi. Zavodning 1-navbati 1959 yil 27 yanvarda ishga tushirilib, O’rta Osiyoda birinchi marta surkov moylari ishlab chiqarila boshladi. 1965 yildan zavod quvvatlari to’liq ishga tushirildi. 1966 yildan zavodning 2-navbati qurila boshladi. 1970 yildan zavodda K—12 markali va oktan soni undan yuqori bo’lgan benzin ishlab chikarila boshladi. 90-yillar boshidan to’liq O’zbekistonda qazib olingan neftni qayta ishlashga o’tdi. 1992-2004 yillarda «O’zneftgaz» xolding kompaniyasi tarkibida faoliyat ko’rsatdi. Korxonaning O’zbekiston Respublikasining neft mustaqilligini ta’minlashda xizmatlari katta. 2000 yilda zavod to’liq ta’mirlandi, ishlab chiqarish bo’yicha 44 texnologik qurilmaga ega. Bir yilda 8,5 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega. 1996— 99 yillarda Yaponiyaning «Misui» firmasi bilan hamkorlikda dizel yoqilg’isidan oltingugurtni ajratib olish qurilmasi qurilib ishga tushirildi. Zavod ishtirokida yuqori sifatli motor moylari ishlab chiqaradigan «O’zteksako» va motor moylariga qo’shimchalar ishlab chiqaradigan «Farmoy» O’zbekiston — Amerika qo’shma korxonalari tashkil etildi. Yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni o’zlashtirish dasturiga muvofiq yangi texnologiyalar o’zlashtirilmoqda.