FARG’ONA TUMANI
FARG’ONA TUMANI — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil qilingan. 1962 yil 24 dekabrda Quva tumaniga qo’shib yuborilgan. 1964 yil 22 Fevralda qayta tuzilgan. Shimoldan Marg’ilon va Farg’ona shaharlari, sharqdan Quva tumani va Quvasoy shahri, Janubi Sharq va Jan.dan Qirg’iziston Respublikasi, shimoli g’arbdan. Oltiariq tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,62 ming kilometr kvadrat. Aholisi 168,5 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Chimyon), 13 fuqarolar yig’ini (Avval, Gulshan, Damko’l, Vodil, Kaptarxona, Log’on, Soybo’yi, Mindon, Navkat, Oqbilol, Xonqiz, Cheksho’ra, Chimyon) bor. Tuman markazi — Vodil qishlog’i. Tabiati. Tuman hududi viloyatning Janubiy qismida, Pomir-Olay tog’lari etaklarida joylashgan. Relefi Janubda qiradirlar (Xontaxt, Sariquchma, Kattakam, Kichikkam, Nomozgo’y, Xirmonjoy) bilan band. Tog’lardan Oltiariqsoy, Fayzobodsoy, Chimyonsoy oqib tushadi. Shimol, asosan, tekislikdan iborat. Foydali qazilmalardan neft, tabiiy gaz, ohaktosh, marmar bor. Mineral buloq ko’p. Iqlimi kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,7°, eng past temperatura -27°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26,4°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yog’in miqdori 174 millimetr. Vegetatsiya davri 240 kun. Tuproqlari, asosan, o’tloqi bo’z tuproq. Yovvoyi o’simliklardan shuvoq, yantoq, qovul, yalpiz, changal, lolaqizg’aldoq, bangidevona, ajriq, ituzum, itqo’noq, burgan, bo’ztikan, otquloq, ayiqtovon, qo’zg’a, qamish, do’lana, sho’ra va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, chiyabo’ri, tulki, sug’ur, quyon, jayran, qobon, jayra, yumronqoziq, kalamush, har xil ilonlar, echkemar, sichqon; qushlardan kaklik, bedana, bulbul, o’rdak, g’oz, kaptar, laylak, musicha, chumchuq, qaldirg’och, mayna, zag’izg’on, olaqarg’a, sor, qirg’iy, qizilishton, to’rg’ay, zarg’aldoq, qarqunoq, boyo’g’li va b. qushlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, qirg’iz va boshqa millat vakillari xam yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 271,8 kishi. Shahar aholisi 3,4 ming kishi, qishloq aholisi 165,1 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tumanda sanoat korxonalari, shu jumladan, ta’mirlashmexanika zavodi (Chimyon), MTP, maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari, 394 kichik, 2 qo’shma korxona, pillani qayta ishlash zavodi va boshqalar bor. Qishloq xo’jalik paxtachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik (ayniqsa, malinasi mashhur), chorvachilik va pillachilikka ixtisoslashgan. Shirkat xo’jaliklari, 293 fermer xo’jaligi mavjud. Tuman xo’jaliklarida paxta, kartoshka, sabzavot, don, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi shaxsiy va jamoa xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda boqiladi. 61 umumiy ta’lim, musiqa maktablari, lisey, 4 kasb-hunar kolleji, Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari, madaniyat uyi, 11 klub muassasasi, 2 muzey ishlab turibdi. Markaziy stadion, sport zallari, futbol maydonlari bor. Markaziy kasalxona, poliklinika, tug’ruqxona, qishloq vrachlik punktlari, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar faoliyat ko’rsatadi. «Chimyon», «Zilol», «Nurafshon» va boshqa sanatoriylar ishlab turibdi. Farg’ona— Shohimardon, Vodil—Oltiariq avtomobil yo’llari o’tgan. 1932 y.dan «shonli mehnat» tuman gazetasi nashr etiladi. Toir Abduraimov.