FARG’ONA UNIVERSITETI

FARG’ONA UNIVERSITETI, Farg’ona davlat universiteti — ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. O’zbekiston hukumatining qaroriga muvofiq 1991 yil 1 martda Farg’ona pedagogika instituti (1930 yil 1 mayda asos solingan) negizida tashkil etilgan. Universitetda 11 fakultet (matematika, Fizika-texnika, tabiiyot, jismoniy tarbiya, iqtisodiyot, ijtimoiy-gumanitar mutaxassisliklar, pedagogika va madaniyat, o’zbek Filologiyasi, xorijiy Filologiya, huquq va ma’naviyat asoslari, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash), 50 kafedra, 34 o’quv va 10 ilmiy laboratoriya, 14 kompyuter sinfi, 2 akademik litsey, internat litsey, biznes maktabi, «Nilufar» teatr studiyasi, sanatoriy-profilaktoriy, 8 ochiq va 4 qishki yopiq sport inshooti bor; kutubxonasida 800 mingga yaqin asar saqlanadi (2004). Kutubxona qoshida 100 o’rinli o’quv zali, fakultetlararo 2 filiali xamda Internet tarmog’iga ulangan kompyuter zali mavjud. Universitet 26 yo’nalish bo’yicha [matematika, amaliy matematika va informatika, fizika, kasbiy ta’lim, biologiya, kimyo, tuproqshunoslik, ekologiya va tabiatdan foydalanish, geografiya, mehnat ta’limi, jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, chaqiriqqacha harbiy tayyorgarlik, iqtisodiyot (sohalar bo’yicha), tarix, psixologiya, sosiologiya, O’zbekiston Filologiyasi, slavyan Filologiyasi., roman-german Filologiyasi, boshlangich ta’lim va sport tarbiyaviy ish, ijtimoiy madaniy faoliyat, musiqiy ta’lim, xalq ijodiyoti, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, milliy istiqlol g’oyasi, huquq va ma’naviyat asoslari, Yurisprudentsiya] bakalavrlar, 16 mutaxassislik bo’yicha (differentsial tenglamalar, ehtimollik nazariyasi va matematik statistika, matematika fanini o’qitish metodikasi, yarim o’tkazgichlar va dielektriklar fizikasi, nazariy fizika, fizika fanini o’qitish metodikasi, noorganik kimyo, zoologiya, botanika, odam va hayvonlar fiziologiyasi, jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat, tarmoqlar iqtisodiyoti, Vatan tarixi, sotsiologik tadqiqot usullari, lingvistika, adabiyotshu noslik) magistrlar tayyorlaydi. Universitetda 12 yo’nalish bo’yicha aspirantura va 2 yo’nalish bo’yicha doktorantura hamda 2003 yildan milliy tillar (o’zbek tili) bo’yicha Birlashgan ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyat ko’rsatadi. 2003/04 o’quv yili universitetda 7059 talaba ta’lim oldi, 611 o’qituvchi, jumladan, 55 fan doktori va professor, 167 fan nomzodi va dosent ishladi. Universitet faoliyati B.Otaqulov, M. Qoraboev, A. O’rinov, M. Ahmedov, R.Rasulov, M. Abdullaev, A. Mamajonov, Yo. Toirov, A. G’ofurov, A. Muhammadiev, G’. Hamidov, A. Qodirov, A. Mahmedov, Sh. Xonkeldiyev kabi professor o’qituvchilar nomi bilan bog’liq. Universitetda ilmiy jurnal va «Farg’ona universiteti» gazeta nashr etiladi. 2004 yilgacha universitet 70 mingdan ortiq mutaxassis tayyorladi.